Abstract:
Ushbu maqolada prenatal stressning homila bosh suyagi shakllanishiga ta'siri va bu jarayonning neyroanatomik asoslari tahlil qilinadi. Tadqiqotda prenatal davrda onaning organizmida modellashtirilgan surunkali stress omillari ta'sirining homila kraniofatsial tuzilmalari rivojlanishiga qanday ta'sir ko'rsatishi o'rganilgan. Stress faktorlarining platsenta orqali homilaga o'tishi natijasida yuzaga keladigan epigenetik o'zgarishlar bosh miya va bosh suyagi tuzilishida turli darajadagi nuqsonlar – kraniosinostoz, mikrosefaliya, anensefaliya kabi patologiyalar rivojlanishiga sabab bo'lishi mumkin. Tadqiqotda zamonaviy neyroanatomik, embriologik va molekulyar biologiya usullaridan foydalangan holda ushbu patologik jarayonlarning mexanizmlari yoritilgan. Olingan natijalar prenatal stressning bosh miya va bosh suyagi morfogeneziga ta'siri chuqur va kompleks xususiyatga ega ekanligini ko'rsatadi. Ushbu holatlarni erta bosqichda aniqlash va oldini olish imkonini beruvchi diagnostik va profilaktik yondashuvlar ishlab chiqish dolzarb hisoblanadi. Tadqiqot natijalari pediatriya, perinatal nevrologiya, anatomiya va embriologiya sohalarida ilmiy va amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega.