Abstract:
Kirish: Homiladorlik davrida miokardit ona va homila salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi, ko‘pincha mavjud yurak-qon tomir tizimi buzilishlarini yanada og‘irlashtiradi va salbiy oqibatlarga olib keladi. Hozirgi kunda yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda erishilgan yutuqlarga qaramay, miokardit bilan asoratlangan homiladorlikni boshqarish bo‘yicha aniq klinik ko‘rsatmalar hali ham yetarli emas.
Tadqiqot maqsadi: Miokardit bilan kasallangan ayollarda homiladorlikning salbiy oqibatlarini bashorat qilish mezonlarini aniqlash, ona hamda perinatal natijalarni yaxshilash uchun optimallashtirilgan boshqaruv strategiyalarini ishlab chiqish.
Usullar: Miokardit tashxisi qo‘yilgan 74 nafar homilador ayollar orasida ambulatoriya kartalarining retrospektiv tahlili va prospektiv kuzatuv tadqiqoti o‘tkazildi. Klinik, gemodinamik va biokimyoviy ko‘rsatkichlar baholandi hamda xavf darajasini aniqlash uchun prognoz matritsasi ishlab chiqildi.
Natijalar: Tadqiqotda yurak urish tezligining oshishi (r=0,45, p<0,01), sistolik qon bosimi (r=0,40, p<0,05), Troponin I (r=0,50, p<0,01), BNP (B tipdagi natriyuretik peptid) darajasi (r=0,55, p<0,01) va homiladorlikning salbiy oqibatlari o‘rtasida sezilarli bog‘liqliklar aniqlandi. Xususan, muddatidan oldin tug‘ish 25 %, chaqaloqlarning kam vazni 18,8 % va chaqaloqlarni intensiv parvarish bo‘limiga yotqizish 15,6 % hollarda kuzatildi. Ishlab chiqilgan prognostik matritsa yuqori xavfli homiladorliklarni samarali aniqladi va individual boshqaruv strategiyalarini ishlab chiqish imkonini berdi.
Xulosa: Klinik, gemodinamik va biokimyoviy ko‘rsatkichlarni prognostik matritsaga kiritish miokardit bilan og‘rigan homilador ayollarda xavf darajasini baholash uchun qimmatli vosita hisoblanadi. Natijalarni optimallashtirishda ko‘p tarmoqli yondashuv va zamonaviy tasvirlash usullari muhim ahamiyatga ega. Ushbu natijalarni tasdiqlash va standartlashtirilgan klinik ko‘rsatmalarni ishlab chiqish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish zarur.