Abstract:
Surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatit (SQAS) og‘iz bo‘shlig‘i
shilliq qavatining surunkali yallig‘lanish kasalliklaridan biri bo‘lib, uning og‘ir klinik
shakllaridan biri Setton aftasi hisoblanadi. Ushbu kasallik chuqur, og‘riqli, uzoq
muddat bitadigan va ko‘pincha chandiqlanish bilan yakunlanadigan yaralar hosil
bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Kasallikning qaytalanuvchi xususiyati, klinik belgilarining
uzoq davom etishi hamda og‘riq sindromining yaqqol namoyon bo‘lishi bemorlarning
kundalik faoliyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Setton aftasining klinik kechishi
aftalarning soni, o‘lchami, chuqurligi, joylashuvi va bitish davomiyligi bilan
belgilanadi. Yaralar ko‘pincha lablar va lunjlarning shilliq qavatida, tilning ayrim
qismlarida hamda boshqa harakatchan sohalarda uchrashi mumkin. Ularning chuqur
joylashishi va kuchli og‘riq bilan kechishi chaynash, yutish, gapirish va og‘iz bo‘shlig‘i
gigiyenasini saqlashni qiyinlashtiradi. Ayrim bemorlarda kasallikning uzoq davom
etishi ovqatlanish odatlarining o‘zgarishiga, uyqu sifatining buzilishiga va
psixoemotsional noqulaylikka olib kelishimumkin. Zamonaviy terapevtik
stomatologiyada kasallikni baholash faqat morfologik o‘zgarishlarni aniqlash bilan
cheklanmasligi kerak. Bemorning subyektiv shikoyatlari, og‘riq intensivligi, kundalik
faoliyatdagi cheklanishlar va umumiy hayot sifati ham kompleks ravishda o‘rganilishi
lozim. Shu sababli Setton aftasining klinik kechish xususiyatlarini va uning bemorlar
hayot sifatiga ta’sirini baholash muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega